404 Not Found

Not Found

The requested URL /tags/4.0.1/TopBanner.html was not found on this server.


Apache Server at core.svn.wordpress.org Port 80

By Behzod Sulaymonov | Iyun 1, 2011 - 5:31 pm - Posted in Jamiyat

Farzandining baxtu kamoli uchun kamarbasta bo‘lish va buni umrining mazmuni deb bilish xalqimizga xos fazilatlardandir. Bugun ozod va obod Vatanimizning qay hududida bo‘lmang, ana shunday ezgu niyatda barpo etilgan bir-biridan shinam ta’lim muassasalarini ko‘rasiz. Zero, Vatanimizning ertangi kuni, kelajagini barcha sharoitlarga ega zamonaviy ta’lim muassasalarida har tomonlama puxta bilim olayotgan o‘g‘il-qizlar belgilaydi.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan qabul qilingan va izchil amalga oshirilgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi farzandlarimizni hech kimdan kam bo‘lmagan, bilimli, milliy qadriyatlarga sadoqatli insonlar etib tarbiyalashda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Buni Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturiga muvofiq o‘tgan yillarda viloyatda 25 yangi maktab bunyod etildi, 233 maktab kapital rekonstruksiya qilindi, 364 maktabda kapital va 194 maktabda joriy ta’mirlash ishlari bajarildi. Keng va yorug‘ o‘quv xonalari, zamonaviy usulda jihozlangan laboratoriya va sport inshootlari barpo etildi. Natijada boshlang‘ich ta’limning yangi tizimi shakllandi. O‘g‘il-qizlarimizning o‘qib-izlanishi, o‘z qobiliyatini namoyon etish imkoniyatlari kengaydi.

Termiz tumanidagi barcha qulayliklarga ega Yangiariq kasb-hunar kollejida yuzlab qishloq yoshlari ta’lim-tarbiya olmoqda.

Tumandagi 23-maktabni a’lo baholar bilan tugatgan Muyassar Mustonova kollejning birinchi kurs o‘quvchisi. U o‘quvchilik yillaridan dizaynerlik va tikuvchilikka qiziqadi. Muyassarning mehr va ishtiyoq bilan tikkan milliy liboslari, to‘quvchilik buyumlari yuksak qobiliyatga ega ekanini ko‘rsatib turibdi.

– Ota-onam qishlog‘imizdagi pastqam, ko‘rimsiz, moslashtirilgan maktabda o‘qigan, – deydi Muyassar. – Men esa tengdoshlarim qatori ikki qavatli, ko‘rkam, o‘qish, fanlarni chuqur o‘zlashtirish uchun barcha sharoit yaratilgan zamonaviy maktabda ta’lim oldim. Dizaynerlikka, tikuvchilikka havas qo‘ydim. O‘tgan yili umumta’lim maktabini tugatib, kollejga o‘qishga qabul qilindim. Bu yerda izlanishlarimni davom ettirmoqdaman. Onam bilan suhbatlashib qolsak, “Yoshligimda men ham sendek barcha sharoitlarga ega muhtasham o‘quv maskanlarida ta’lim olganimda, ehtimol, olima bo‘larmidim” deydilar. Ota-onam mening yutuqlarimdan quvonadilar. Mana shunday sharoitlarni yaratib bergan Yurtboshimizdan minnatdor bo‘ladilar. Men kelgusida tikuvchilik yo‘nalishida o‘z biznesimni yo‘lga qo‘yib, qishlog‘imiz xotin-qizlarini ish bilan ta’minlashga hissa qo‘shish niyatidaman.

Zamonaviy ta’lim maskanlarida fan sirlarini mukammal egallab, mustaqil hayotga peshvoz chiqayotgan, ko‘rik-tanlov va fan olimpiadalarida, nufuzli xalqaro sport musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritayotgan bunday yoshlarning safi tobora kengaymoqda.

Viloyatda ta’lim muassasalarini yangilash yuzasidan olib borilayotgan ishlar izchil davom ettirilib, bu yil Termiz shahri va Sherobod, Sariosiyo, Boysun, Denov, Qumqo‘rg‘on tumanlaridagi 8 umumta’lim maktabi kapital rekonstruksiya qilinmoqda. Namunaviy loyihalar asosida Angor, Boysun, Termiz, Qumqo‘rg‘on va Uzun tumanlari qishloqlarida barpo etilayotgan turar-joy massivlarida ming o‘ringa mo‘ljallangan beshta yangi maktab qad rostlayotir.

O‘tgan ikki yilda Termiz tumanidagi “Limonzor” massivida zamonaviy 60 uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Joriy yilda yana 40 ta ana shunday turar-joy binosi va 180 o‘rinli umumta’lim maktabi barpo etilmoqda. Zamonaviy maktab qurilishida “Fayz” xususiy firmasi bunyodkorlari shijoat bilan mehnat qilayotir. Ular ta’lim maskanini mustaqilligimizning 20 yillik bayrami arafasida qishloq yoshlariga sovg‘a qilishni mo‘ljallamoqda.

– O‘ttiz yildan buyon shu sohada mehnat qilaman, – deydi xususiy firma quruvchisi G‘anijon Musayev. – Shu yillarda vohamizda qad rostlagan ko‘plab ta’lim muassasalari qurilishida ishtirok etdim. Bizning o‘quvchilik davrimizda bunday ko‘rkam, barcha sharoitlarga ega maktabda ta’lim-tarbiya olish faqat shirin orzu edi. Yurtimizda bunyod etilayotgan inshootlar milliy va zamonaviy arxitektura yechimlarini o‘zida mujassam etgani, qurilish dizaynining rang-barangligi bilan xorijliklarda ham katta havas uyg‘otayotgani sir emas. Bularning barchasi tinchlik, xotirjamlik va aholi turmush darajasini yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan izchil islohotlar samarasidir.

Davlatimiz rahbarining 2008 yil 8 iyulda qabul qilingan “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida“gi qarori navqiron avlodni san’atga oshno etish, o‘g‘il-qizlarning ma’naviy jihatdan yuksak cho‘qqilarga intilib yashashi uchun qulay imkoniyat yaratdi. Qarorga muvofiq o‘tgan yili Termiz tumanidagi 13-bolalar musiqa va san’at maktabi yangidan barpo etildi. Uni qurish uchun bir yarim milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Bu yerda mashg‘ulotlar o‘tishga mo‘ljallangan keng va yorug‘ xonalar, sport va konsert zallari qad rostladi. Shuningdek, Termiz shahridagi 2-, Qumqo‘rg‘on tumanidagi 11-bolalar musiqa va san’at maktablari tubdan qayta rekonstruksiya qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatdagi 16 bolalar musiqa va san’at maktabida 88 yo‘nalish bo‘yicha 1 ming 668 o‘quvchi mahorat sirlarini qunt bilan o‘rganmoqda. Joriy yilda Bandixon qo‘rg‘oni, Boysun va Sariosiyo tumanlaridagi bolalar musiqa va san’at maktablari yangidan qurilmoqda. Jarqo‘rg‘on va Denov tumanlarida mazkur yo‘nalishdagi maktablar kapital rekonstruksiya qilinmoqda.

Yurtimizda musiqa va san’atga ixlos qo‘ygan iqtidorli o‘g‘il-qizlarning qobiliyatini yanada kengroq rivojlantirishdek ulug‘vor maqsad yo‘lida ularning nafaqat milliy, balki dunyo musiqasi va san’atidan keng bahramand bo‘lishiga qulay sharoit yaratilayotgani farzandlarimizga ko‘rsatilayotgan cheksiz e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin ifodasidir.

– Musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar yosh iste’dod sohiblarini yanada yuksak marralar sari ruhlantirmoqda, – deydi Surxondaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Nodira Ibrohimova. – O‘quvchilarimiz mamlakatimizda o‘tkazilayotgan nufuzli tanlovlarda o‘z qobiliyati va mahorati bilan faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritayotir. O‘tgan yili respublika ko‘rik-tanlovlarida o‘ndan ortiq o‘quvchimiz sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘ldi. Jarqo‘rg‘on tumanidagi 5-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Sevara Shamsuddinova akademik cholg‘u asboblari, Termiz shahridagi 2-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Dildora Safarova skripka yo‘nalishida birinchi o‘rinni egalladi.

Buyuk va muqaddas diyorimizning janubiy vohasida ta’lim tizimini sifat jihatdan yaxshilash maqsadida amalga oshirilgan ishlar natijasida 115 kasb-hunar kolleji, 5 akademik litsey barpo etildi. Termiz davlat universiteti uchun yangi o‘quv binolari qurilmoqda, jumladan, 2009 yili 1 ming 400 o‘ringa mo‘ljallangan dastlabki salobatli o‘quv binosi foydalanishga topshirildi. Ko‘rkam qiyofasi, shart-sharoitlari jahon andozalariga to‘la mos keladigan o‘quv binosini qurish va jihozlash uchun 10 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi. Zamonaviy elektron doska, kompyuter va boshqa jihozlar bilan ta’minlandi. Ayni paytda bu dargohda tarix va pedagogika fakultetlari talabalari kasb sirlarini mukammal o‘rganayotir.Bu yerda yangilanayotgan ta’lim maskanlari uchun munosib kadrlar ulg‘aymoqda. Joriy yilda Termiz davlat universitetining navbatdagi o‘quv binosi qurilishi boshlandi. Iqtisodiyot fakulteti talabalari uchun mo‘ljallangan 1 ming 200 o‘rinli o‘quv binosini “Santexgazmontaj” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari bunyod etayotir.

Ta’lim maskanidagi yangilanishlar iqtidorli talabalar va davlat stipendiyalariga nomzodlar safining kengayishiga ham xizmat qilmoqda. O‘tgan ikki yilda oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan o‘nga yaqin talaba Alisher Navoiy, Beruniy, Ulug‘bek nomidagi davlat stipendiyalariga sazovor bo‘ldi.

– Barcha qulayliklarga ega, muhtasham o‘quv dargohida ta’lim olishning o‘zi katta baxt, – deydi Termiz davlat universiteti pedagogika fakulteti 4-kurs talabasi, Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi Faruddin Ochilov. – O‘quv xonalarimiz yorug‘, shinam. Ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida ta’lim olish uchun barcha sharoit yaratilgan. Bularning barchasi biz, talabalarni ko‘proq o‘qishga, salohiyatimizni namoyon etishga undaydi.

O‘zA, Xolmo‘min Mamatrayimov

This entry was posted on Chorshanba, Iyun 1st, 2011 at 17:31 and is filed under Jamiyat. You can follow any responses to this entry through the RSS 2.0 feed. You can leave a response, or trackback from your own site.

Leave a Comment

Please note: Comment moderation is enabled and may delay your comment. There is no need to resubmit your comment.